10-sinf Adabiyot fanidan O'tkir Hoshimov hayoti va ijodi mavzusida dars ishlanma va dars taqdimot
O'tkir Hoshimov (1941-yilda tug'ilgan) Aziz o'quvchilar! Siz ijodini o'rganishga kirishayotgan O'tkir Hoshimov katta adib. O'ndan ortiq roman va qissalar, biri-biridan ta'sirchan ko'plab hikoyalar, bir necha hayajonli dramatik asarlar muallifi. Dastlabki qissasi bilan mashhur adib Abdulla Qahhorning nazariga tushgan. O'. Hoshimovning «Cho'l havosi» qissasini o'qigan adib yozuvchiga maktub bitib, asar uni suyuntirib yuborganini aytgan, «sof, samimiy, tabiiy, iliq, rohat qilib o'qiladi»gan asar yozgani bilan tabriklagan edi. O'tkir Hoshimov 1941-yilda Toshkentning Do'mbirobod mahallasida tug'ilgan. Yoshligidan ilmga, adabiyotga, san'atga qiziqqan bo'lajak yozuvchi 5-sinfda o'qib yurgan vaqtidayoq, demak, Siz tengi yoshlarida she'r mashq qila boshlagan edi. Dastlabki kitobi esa yozuvchining talabalik yillariga to'g'ri keladi. O'tkir Hoshimov hayot qozonida qaynagan, yozuvchi sifatida hayotdan bir qadam ham ajramay qalam tebratgan ijodkor. U amaliy va ijodiy ishni baqamti ( teng) olib bordi. Adibning hayot yo'liga diqqat qiladigan bo'lsak, u xat tashuvchi, musahhih, muxbir, gazetada bo'lim mudiri, nashriyotda va jurnalda bosh muharrir kabi bosqichlarni bosib o'tganiga guvoh bo'lamiz. Keyingi yillarda bir necha marta xalq deputatligiga saylangan adib Oliy Majlisda qo'mita raisi sifatida ham faoliyat ko'rsatgan. Biroq bir lahza bo'lsa-da, adabiy ijod bilan aloqani uzgani yo'q. Keyingi 8-10-yilda ham adibning qator sermazmun kitoblari, publitsistik maqolalari chop etildi. Hozirda adibning «Urushning so'nggi qurboni», «Muhabbat» kabi ko'plab hikoyalari, «Nur borki, soya bor», «Ikki eshik orasi», «Tushda kechgan umrlar» nomli romanlari, «Odamlar nima derkin», «Shamol esaveradi», «Ikki karra ikki besh», «Bahor qaytmaydi», «Dunyoning ishlari» nomli qissalari Respublikamiz va xorijda sevib o'qilmoqda. «Qatag'on», «Inson sadoqati», «To'ylar muborak» dramalari mamlakatimiz teatrlarida sahnalashtirilgan. Respublika radiosida efirga berilayotgan, televideniyasida ko'rsatilayotgan bir qancha radio va telespektakllar ham hassos yozuvchimiz asarlari asosida yaratilgandir. Bugun xalqimiz O'tkir Hoshimovni ulkan adib, o'tkir nafasli jurnalist, faol siyosatdon arbob sifatida taniydi, hurmat qiladi. Bu hurmatning boisi uning biz yuqorida tilga olgan asarlari, jo'shqin ijtimoiy faoliyatidir. Bolalar, bugun Siz bilan yozuvchining «Dunyoning ishlari» qissasi haqida gaplashamiz va Sizga bu asarni to'liq o'qib chiqishni maslahat beramiz. Chunki mazkur asar eng ezgu, eng samimiy tuyg'ular haqida, eng e'zozli zot - ona to'g'risida hikoya qiladi. Onaning qanday inson ekanligini yaxshi bilamiz. U insonga hayot beradi, yuvib-taraydi, tarbiyalaydi. Ona uchun eng to'tiyo narsa, o'g'ilmi-qizmi, uning farzandi. Ona o'z farzandi uchun hamma narsaga, hatto jonini qurbon qilishga ham tayyor. Shuning uchun bo'lsa kerak, ona haqida behisob she'rlar to'qilgan, dostonlar, katta-katta asarlar bitilgan. Kichik maqollardan tortib, muborak hadislarimizgacha ona madh etiladi, e'zozlanadi. O'tkir Hoshimovning bu asari har biri o'ziga mustaqil sujetli hikoyalardan tashkil topgan. Undagi «Gilam paypoq», «Oq-oydin kechalar», «Tush», «Alla», «Oltin baldoq», «O'ris bolaning oyisi», «Iltijo» kabi hikoyalar ...